Orolbo‘yi xalqaro innovatsiya markazi (IICAS) Xitoy Fanlar akademiyasining Shinjon ekologiya va geografiya instituti (XIEG) bilan hamkorlikda keng qamrovli xalqaro ilmiy ekspeditsiya boshlanganini e’lon qildi. Ushbu yirik tadqiqot Orol dengizining qurigan tubini qamrab olib, Xitoyning yetakchi olimlari, O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining Qoraqalpog‘iston bo‘limi hamda mintaqaning yetakchi oliy ta’lim muassasalari vakillarini birlashtiradi.
Ekspeditsiyaning asosiy maqsadi Orol dengizining qurigan tubida yuz berayotgan ekotizim o‘zgarishlarini har tomonlama o‘rganishga qaratilgan kompleks ilmiy tadqiqotlar o‘tkazishdan iborat. Bu jarayon tuproq holatini monitoring qilish, biologik xilma-xillikni baholash hamda hudud florasiga oid ma’lumotlarni tizimlashtirishni o‘z ichiga oladi. Ish jarayonida o‘simliklarning sho‘rlangan va degradatsiyaga uchragan yerlarning ekstremal sharoitlariga moslashuv mexanizmlarini aniqlashga alohida e’tibor qaratiladi. Asosiy vazifalardan biri Orolbo‘yi florasining noyob Atlasini yaratish uchun ilmiy asos shakllantirish bo‘lib, u hududda yashil qoplamani tiklash va barqaror rivojlantirish bo‘yicha samarali choralarni ishlab chiqishda muhim poydevor bo‘lib xizmat qiladi.
Ta’kidlash joizki, ushbu ekspeditsiya mamlakat hukumati tomonidan Prezident Shavkat Mirziyoyev rahbarligida olib borilayotgan, mintaqa ekotizimini tiklash va Orol dengizi qurishi natijasida yuzaga kelgan ekologik inqiroz oqibatlarini yumshatishga qaratilgan izchil siyosat doirasida amalga oshirilmoqda.
Tadqiqotning asosiy yo‘nalishlari:
Tuproq tarkibini o‘rganish: Mineral qatlamlar va tuz ko‘chishi jarayonlarini tahlil qilish. Olimlarning ta’kidlashicha, Orol tubidan ko‘tarilgan chang nafaqat qo‘shni hududlarga, balki Xitoy va Yevropaning uzoq mintaqalarigacha yetib boradi.
Biologik xilma-xillik inventarizatsiyasi: Ekstremal sharoitlarga moslashgan mikroorganizmlar va o‘simlik turlarini o‘rganish.
Ta’lim komponenti: Ekspeditsiya doirasida yosh mahalliy tadqiqotchilar zamonaviy ma’lumotlarni tahlil qilish va dala ishlari usullariga o‘rgatiladi.
Dala tadqiqotlari davomida to‘plangan ma’lumotlar ekologik vaziyatni barqarorlashtirish bo‘yicha strategik davlat qarorlarini qabul qilish uchun ilmiy asos bo‘lib xizmat qiladi. Ikki davlat olimlarining hamkorligi nafaqat mavjud o‘zgarishlarni qayd etish, balki cho‘llanishga qarshi kurash bo‘yicha aniq yechimlar ishlab chiqishga qaratilgan.
Tadbir yakunida xalqaro jamoa a’zolari ishtirokida ishchi uchrashuv o‘tkazilib, kelgusidagi marshrutlar muhokama qilindi hamda uzoq muddatli ilmiy hamkorlik uchun zamin yaratildi.